02.09.2025
O'qish vaqti: 2 min

Erik Ten Hag Bayer murabbiyligidan ozod etildi

Erik Ten Hag Bayer murabbiyligidan ozod etildi

Bayer” rahbariyati Germaniya chempionatidagi ikki o‘yin va kubokdagi bir o‘yindan so‘ng Erik ten Hag bilan shartnomani bekor qilish haqida kutilmagan qaror qabul qildi. Bu qaror nemis futboli tarixidagi misli ko‘rilmagan qadam bo‘ldi.

Xabi Alonso ketganidan keyin jamoani qayta tiklash vazifasi topshirilgan Ten Hag o‘zining chuqur qayg’u va hayratini ifoda etdi:

“Bayer”ning meni iste’foga chiqarish qarori mutlaqo kutilmagan edi. Chempionatning atigi ikki o‘yinidan so‘ng murabbiy bilan xayrlashish – bu misli ko‘rilmagan holat. Bu yozda o‘tmishdagi yutuqlarimizning asosiy ishtirokchilari bo‘lgan ko‘plab yetakchi o‘yinchilar ketib qoldi. Yangi jamoa tuzish – bu vaqt va ishonch talab qiladigan puxta jarayon. Yangi murabbiy bunga munosib. Men ishni to‘la ishonch va g‘ayrat bilan boshlagandim, ammo afsuski, rahbariyat menga zarur vaqt va ishonchni berishni istamadi. Bundan juda afsusdaman. Bu munosabatlar hech qachon o‘zaro ishonchga asoslanmaganini his qilaman. Faoliyatim davomida murabbiy sifatida yakunlagan har bir mavsumim muvaffaqiyatli bo‘lgan. Menga ishongan klublar yutuq va sovrinlar bilan taqdirlangan. So‘zim yakunida “Bayer” muxlislariga ularning iliqlik va ehtirosi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Jamoa va xodimlarga mavsumning qolgan qismida omad tilayman.”

Klub vakillarining aytishicha, bunday qarorga qoniqarsiz natijalar va joriy mavsumda belgilangan maqsadlarga erishish uchun optimal sharoitlarni ta’minlash istagi sabab bo‘lgan. Yangi murabbiy tayinlangunga qadar “Bayer” vaqtinchalik yordamchilar rahbarligi ostida ishlashda davom etadi.