24.08.2025
O'qish vaqti: 2 min

Barselonadan super kambek

Barselonadan super kambek

LaLiga 2025/26 mavsumining ikkinchi turida “Barcelona” ajoyib kambek amalga oshirdi. Ciutat de València stadionida bo‘lib o‘tgan bahsning birinchi bo‘limida mezbon “Levante” ikkita gol urib, tanaffusga 2:0 hisobida ustunlik bilan chiqdi. Avval Romero 15-daqiqada darvozani ishg‘ol qildi, keyin esa VAR orqali berilgan penalti Morales tomonidan aniq amalga oshirildi.

Tanaffusdan so‘ng Hansi Flik kutilmagan qaror qabul qildi: Gavi va Olmoni maydonga tushirib, jamoa o‘yinini tezlashtirdi. Bu darhol samara berdi — 49-daqiqada Pedri uzoq masofadan ajoyib zarba berib, hisobni qisqartirdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Ferran Torres burchak zarbasidan keyin chiroyli vole bilan gol urdi va hisob tenglashdi.

Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida esa drama avjiga chiqdi. Lamine Yamalning uzatmasidan keyin Levante himoyachisi Elgezabal to‘pni o‘z darvozasiga yo‘naltirib qo‘ydi. Natijada “Barcelona” 2:3 hisobida g‘alaba qozonib, ajoyib comebackni yakunladi.

O‘yin yakunida Hansi Flik quyidagilarni aytdi:

“Levante jamoasi yaxshi himoya qiladi va tez o‘ynovchilarga ega bo‘lib, ularga qarshi xatoga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Birinchi bo‘limda gol urishga harakat qildik, ammo ikkinchi bo‘limda biroz o‘zgardik va bu ish berdi. Birinchi golimiz bizga ko‘p yordam berdi va o‘zimizga ishonchni qaytarib berdi.”

Bu g‘alaba “Barcelona” uchun mavsumdagi ketma-ket ikkinchi muhim uch ochko bo‘ldi va jamoaga yana-da ishonch bag‘ishladi.