22.08.2025
O'qish vaqti: 2 min

ATP Safe Sport — onlayn haqoratlarni kamaytirish uchun ishlovchi dasturning birinchi yil natijalarini e’lon qildi

ATP Safe Sport — onlayn haqoratlarni kamaytirish uchun ishlovchi dasturning birinchi yil natijalarini e’lon qildi

Safe Sport dasturi real vaqt rejimida ishlovchi sun’iy intellektdan foydalanib, tennischilarning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida haqoratli izohlarni aniqlaydi va ularni avtomatik ravishda yashiradi.

Safe Sport was developed in partnership with Tennis Data Innovations (TDI), sports technology company Sportradar and Arwen AI.

ATP-ning Safe Sport tashabbusi ilk yilida 3,1 milliondan ortiq ijtimoiy tarmoq sharhlarini tekshirgan va 245 nafar tennischiga qaratilgan 162 mingdan ziyod haqoratli izohlarni “jiddiy” sifatida belgilab, ularni avtomatik ravishda yashirgan. Maqsad — yetakchi ATP o‘yinchilarini zararli onlayn kontentdan himoya qilish.

Safe Sport loyihasi Tennis Data Innovations (TDI), sport texnologiyalari kompaniyasi Sportradar va Arwen AI bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Dastur 2024-yil iyul oyida ishga tushirilgan bo‘lib, reytingdagi eng kuchli 250 nafar yakkalik va 50 nafar juftlik o‘yinchilari uchun mavjud. Shuningdek, bu himoya ATP’ning o‘z ijtimoiy tarmoq kanallarini ham qamrab oladi.

ATP O‘yinchilar Maslahatchi Kengashi a’zosi Dushan Layovich shunday dedi:

“Safe Sport nafratli izohlarsiz sog‘lom onlayn muhit yaratadi. Endi mening ijtimoiy tarmoqdagi qiyofam kortdagi natijalarim bilan emas, balki kimligim bilan belgilanadi.”

ATP-ning xavfsizlik bo‘yicha direktori Endryu Azzopardi esa qo‘shimcha qildi:

“Safe Sport sportchilarimizni onlayn himoya qilishni tubdan o‘zgartirdi. Tennischilar postlaridagi har o‘ninchi izoh haqoratli edi — ekstremal holatlarda bu ko‘rsatkich 50 foizga yetdi. Albatta, bu muammoni birdaniga yo‘q qilmaydi, ammo sportchilarni himoya qilishda birinchi chiziq bo‘lib xizmat qiladi. Ularning farovonligini ta’minlash — uzoq muddatli majburiyatdir.”

Sportradar-ning Integrity Services jamoasi yil davomida 3 300 dan ortiq izohlarni tekshiruvga yo‘naltirdi, 68 nafar huquqbuzar aniqlanib, 28 ta holat huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.

Adam Pennok, Sportradar’ning xavflar va tergov bo‘yicha vitse-prezidenti, shunday dedi:

“Har bir izoh ko‘riladi, har bir tahdid jiddiy qabul qilinadi. Huquqbuzarlarni tergov qilish, aniqlash va jazolash borasidagi qat’iy pozitsiyamiz onlayn xatti-harakatlarning real hayotda ham oqibatlari borligini ko‘rsatib bormoqda.”

Ijtimoiy tarmoqlardan tashqari, Safe Sport endilikda o‘yinchilarni elektron pochta orqali kelayotgan tahdidlar, soxta akkauntlar (impersonatsiya), “deepfake”lar va firibgarliklardan ham himoya qiladi. Dastur shuningdek ATP University orqali raqamli savodxonlikni oshirish va o‘yinchilarga o‘zlarini onlaynda himoya qilish bo‘yicha bilim berishni kengaytirmoqda.

Kelgusida ATP hodisalarga javob protokollarini takomillashtirish, himoya choralarini yanada kengaytirish va raqamli platformalarning mas’uliyatini oshirishni rejalashtirmoqda. Maqsad — sportchilar xavfsizligi va ruhiy salomatligini raqamli davrda eng yuqori darajada ta’minlash.