20.08.2025
O'qish vaqti: 1 min

Fayzullayev nega hozircha ‘Bashakshehir’ safida debyut qilmadi — bu qachon sodir bo‘ladi

Fayzullayev nega hozircha ‘Bashakshehir’ safida debyut qilmadi — bu qachon sodir bo‘ladi

O‘zbekistonlik yarim himoyachi Abbosbek Fayzullayev yaqinda Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubi safida maydonga tushishi mumkin. Avvalroq uning debyuti transfer sertifikati kechikkanligi sababli ortga surilgan edi, ammo endi barcha rasmiyatchiliklar hal etildi.

Moskvaning SSKA klubi ma’lum qilishicha, Fayzullayevning transferi uchun to‘lov to‘liq amalga oshirildi va shundan so‘ng turk tomoniga zarur hujjatlar, jumladan transfer sertifikati yuborilgan. Bu esa futbolchini endi rasmiy ravishda ro‘yxatga olish va o‘yinlarda ishtirok ettirish mumkinligini anglatadi.

“Abbosbek Fayzullayev transferi uchun mablag‘ klubimiz hisobiga shartnomaga muvofiq o‘tkazildi. Biz zudlik bilan transfer sertifikatini yubordik va endi kelishuvni to‘liq yakunlangan deb hisoblash mumkin”, — dedi SSKA kommunikatsiyalar direktori Kirill Breydo.

Eslatib o‘tamiz, Fayzullayev va “Bashakshehir” o‘rtasidagi 5 yillik shartnoma iyul oyida imzolangan edi. Transfer summasi esa 7 million yevroni tashkil qiladi.

Avvalroq turk klubi rahbariyati debyutning kechikishiga moliyaviy sabablar emas, balki xalqaro pul o‘tkazmalaridagi texnik qiyinchiliklar sabab bo‘lganini tushuntirgan. Shu bois Abbosbek vaqtincha jamoa ro‘yxatiga kiritila olmagan va maydonga chiqish huquqiga ega bo‘lmagan.