08.07.2025
O'qish vaqti: 1 min

Tomas Myuller 25 yildan so’ng Bavariya Myunxen bilan xayrlashdi

Tomas Myuller 25 yildan so’ng Bavariya Myunxen bilan xayrlashdi

Bundesliga ma’lumotlariga ko’ra, Tomas Myuller 2025 yil iyulida shartnomasi tugashi bilan Bavariya Myunxendagi 25 yillik faoliyatini rasman yakunlaydi. 35 yoshli futbolchi 2025 yilgi Klublar jahon chempionatida ishtirok etish uchun qisqa muddatli shartnoma uzaytirishini olgandi.

Myuller o’zining Instagram sahifasi orqali videonashrni ulashdi va unda klubning mashg’ulot maydoni va kiyinish xonasidagi so’nggi daqiqalarini namoyish etdi.

“Salom do’stlar, bu mening mashg’ulot maydonim bilan so’nggi xayrlashuvim, kiyinish xonam bilan so’nggi xayrlashuvim. Bavariyaga xizmat qilish men uchun sharaf va mamnuniyat bo’ldi va endi hayotimda yangi bob boshlanadi,” dedi Myuller videoda.

Die Roten safidagi faoliyati davomida Myuller ajoyib natijalarni qayd etdi — 844 ta o’yinda ishtirok etib, 292 ta gol urdi va 281 ta gol uzatmasi berdi, 33 ta sovrinni qo’lga kiritdi.

Major League Soccer klubi FC Stinsinnati Myullerga taklif bildirgan — biroq, nemis futbolchisi hali kelajagini o’ylab ko’rmoqda va agar to’g’ri variant topilmasa, faoliyatini yakunlash ehtimolini ham inkor etmayapti.